“Bulling” - ingliz tilidan olingan bo‘lib, “ta’qib va zo‘ravonlik” ma’nosini bildiradi. Bu tushuncha bolalarni qasddan va doimiy ravishda ta’qib qilishni anglatadi. Bulling ta’lim muassasalaridagi zo‘ravonlik holatlarining eng odatiy shakllaridan biri hisoblanadi.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik (bulling) holatlari dunyoning barcha davlatlaridan mavjud bo‘lib, bolalarning ta’lim olishiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun: UNESCOning rasmiy hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili 246 million nafar voyaga yetmaganlar maktabdagi zo‘ravonlikning muayyan shakliga duch kelishadi.
Maktabdagi zo‘ravonlik faqat voyaga yetmaganlarning ruhiy holati buzilishiga, nosog‘lom sharoitda tarbiyalanishiga sabab bo‘libgina qolmasdan, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham sezilarli darajada zarar keltiradi.
Ma’lumot uchun: Braziliyada maktabdagi zo‘ravonlikning iqtisodiyotga yetkazgan zarari har yili 943 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, AQSHda ushbu zarar miqdori 7.9 milliard AQSH dollariga teng baholangan.
Qonunchilikda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan muhofaza qilish nazarda tutilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasida davlat bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan himoya qilinishini amalga oshirishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni 48-moddasida ta’lim oluvchining ta’lim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilariga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik ishlatmaslik va ularning o‘z majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyati nazarda tutilgan.
So‘nggi yillarda ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlarini oldini olish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884-son qarori bilan bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: ushbu markazlarning asosiy vazifalaridan biri o‘quvchi-yoshlarning psixologik salomatligini muhofaza qilish, turli xil zo‘ravonlik ko‘rinishlarining oldini olish, suisidal holatlarga moyilligi bo‘lgan o‘quvchilarni barvaqt aniqlash va ularga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish hisoblanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 339-son qarori bilan voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi joriy etildi.
Ma’lumot uchun: ushbu jamoat tarbiyachilari nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlashadi hamda ota-onasiga (yoki o‘rnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda yordam ko‘rsatishadi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatlarni, xususan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlarini oldini olish chora-tadbirlarining tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligi qo‘yidagi salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda:
– ta’lim muassasalarida, xususan maktablarda tartib-intizomga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmlarining nomukammalligi ma’lum darajada maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar sonining oshishiga hissa qo‘shmoqda.
– voyaga yetmaganlar, ayniqsa maktab o‘quvchilar o‘zaro muammolarni hal qilishda borgan sari agressiv (nosog‘lom) usullardan ko‘proq foydalanishmoqda hamda ularning bezorilik harakatlarida shavqatsizlik kuchaymoqda.
– ta’lim muassasalarida, nafaqat o‘quvchilarning, balki o‘qituvchilarning xavfsizligini ta’minlash murakkablashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 10-moddasining beshinchi qismida davlat bolaga nisbatan ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olish, shuningdek ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilangan.
Biroq, qonunchilikda ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlarini oldini olish bo‘yicha alohida yaxlit qonunchilik hujjati mavjud bo‘lmaganligi mazkur sohadagi muammolarni tizimli hal etilishiga imkon bermas edi.
Endilikda esa “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi” qonun loyihasi ishlab chiqilib, umumjamoatchilik muxokkamasiga qo‘yildi.
Bu qonunga ko‘ra, bulling:
- bir guruh bolalar yoki bir bolaning boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan, xususan, zo‘ravonlik qurboniga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanish;
- u bilan har qanday muloqotni cheklab qo‘yish (boykot qilish), uning mol-mulkini qo‘lga kiritish va (yoki) zarar yetkazish;
- uning o‘ziga xos jismoniy, psixologik yoki intellektual xususiyatlarini ommaviy muhokama qilish;
- sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki sog‘lig‘i va hayotiga ziyon yetkazishda ifodalangan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali amalga oshiriladigan muttasil psixologik va (yoki) jismoniy tajovuzkor harakatlardir.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida «bullinga» (tazyiq va zo‘ravonlikka) qarshi kurashishga qaratilgan choralarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, uning doirasida qator mutasaddi tashkilotlar zimmasiga mazkur salbiy vaziyatni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlarni yuklamoqda.
Xorijiy davlatlarda, xususan, AQSH, Kanada, Chili, Argentina, Paragvay, Niderlandiya, Vengriya, Ruminiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Filippinda ta’lim muassasasida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlarini oldini olish bo‘yicha alohida normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar asosida ushbu davlatlarda ta’lim muassasasidagi zo‘ravonlik holatlarini oldini olishga qaratilgan bir qator huquqiy mexanizmlar joriy etilgan. Jumladan,
– AQSH, Kanada, Filippin, Yaponiyadagi ta’lim muassasalarida zo‘ravonlikka qarshi kurash siyosati joriy etiladi. Ushbu siyosat quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– Filippindagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlari yuzasidan Ta’lim vazirligining hududiy bo‘limlariga hisobot taqdim etish tartibi mavjud.
– Kanadada maktablarda o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, maktab o‘qituvchilari ularning faoliyatini nazorat qilishadi.
– Vengriyada o‘qituvchi va o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalarida “maktab posbonlari” tayinlanadi.
– Argentinada ta’lim muassasalaridagi zo‘ravonlik holatlari yuzasidan xabar berishga mo‘ljallangan milliy telefon tarmog‘i tashkil etilgan.
– Perudagi har bir maktabda o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlarini oldini olish uchun mas’ul bo‘lgan psixolog tayinlanishi talab etiladi.
– Janubiy Koreyada ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mita tashkil etilgan bo‘lib, ushbu qo‘mita Ta’lim, fan va texnologiya vazirligining ta’lim muassasalarida yuz bergan zo‘ravonlik holatlarini oldini olishga qaratilgan besh yillik rejasining qay darajada amalga oshirilganligini baholaydi, mahalliy hukumat raisi va qo‘mitaning hududiy bo‘limlari tomonidan taklif etilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlikka oid masalalarni ko‘rib chiqib, hal qiladi.
– Yaponiyada Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiya vazirligi tomonidan zo‘ravonlikni oldini olish bo‘yicha milliy fundamental siyosat ishlab chiqiladi.
– Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Avstraliyada jamoat tartibi va xavfsizligiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qulay tarzda xabar berishga mo‘ljallangan portal tashkil etilgan. Ushbu Portal o‘quvchilarning maktab hududida yoki boshqa ta’lim muassasasida sodir etgan huquqbuzarliklari yuzasidan ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish imkonini beradi.
– Qozog‘istonda ta’lim muassasalari xodimlarining voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organga belgilangan tartibda xabar bermaganliklari uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Albatta xorijiy tajriba shundan dalolat berayaptiki, maktablardagi bulling muammosini oldini olish bolalar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida urg‘ulangan va bunda mutasaddi davlat organlarining o‘z vakolatlari doirasida mazkur muammoga qarshi izchil va manzilli choralar ko‘rishi muhimdir.
Lekin shu bilan birga bolalar bilan bog‘liq turli jamoat tashkilotlarining ham mazkur jarayonda o‘rni nihoyatda ahamiyatlidir. Buni yana bir bor Avstraliya misolida gapirib berishim mumkin. Ushbu davlatda maktablarda bullingga qarshi kurashga yo‘naltirilgan "Bullying. No Way!", ya’ni “Bullingga yo‘q deymiz” nomli jamoat tashkiloti mavjud. Tashkilot tomonidan o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun bulling muammosi va uning oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish maqsadida axborot kampaniyalari, seminar va treninglar tashqillashtirib kelinadi.
Birgina tashkilotning sa’y-harakatlari tufayli Avstraliya jamoatchilikni bulling borasidagi xabardorligini oshirishga, o‘qituvchilarni bezorilik qurbonlariga qarshi kurashish va qo‘llab-quvvatlashning samarali usullariga o‘rgatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu maktablarda bulling holatlarining kamayishiga va ta’lim muassasalarida umumiy muhitning yaxshilanishiga olib keldi.
Albatta, agar bizda ham jamoat tashkilotlari bullingni oldini olishga oid bir qator tavsiya va usullarni ishlab chiqishsa, ushbu jarayonni oldini olishda ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lar edi.
Masalan, turli jamoat tashkilotlari tomonidan:
- bullingning (bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish) turli ko‘rinishlaridan: og‘zaki, jismoniy, ijtimoiy, kiberbulling (mobil telefonlar, elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar, bloglar orqali o‘quvchi yoshlarni ta’qib etish, ular haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni (foto, videolar) tarqatish, tuhmat qilish)dan o‘quvchi-yoshlarni himoya qilish maqsadida turli media materiallar tayyorlash va yoritish.
- Ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilgan volontyorlik faoliyatini tashkil etish, uslubiy, axborot, maslahat va tashkiliy jihatdan ko‘maklashish, faol volontyor o‘quvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish amaliyotini joriy qilish.
- Bolalarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish haqidagi bannerlarni tayyorlash va ko‘chalarga osish, kimga murojaat qilish lozimligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlarni transport vositalarida va OAVlarida eslatmalar asosida berib borish kabi choralarda ko‘maklashishi muhim.
- Jamoat tashkilotlarini tomonidan zo‘ravonlikdan aziyat chekayetgan bolalarga, shuningdek, bunday holatlarning guvohlariga konsultatsiya va yerdam ko‘rsatish. Jamoat tashkilotlari bolalar o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etishlari va tajribali mutaxassislardan yordam olishlari mumkin bo‘lgan xavfsiz maskanlarni yaratishi mumkin.
Jamoat tashkilotlarining bolalar hayotidagi faol ishtiroki shubhasiz ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlarining oldi olinishiga, bunday ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarining takomillashishiga, eng muhimi bolalarning sog‘lom muhitda ta’lim olishlariga zamin yaratiladi.