O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash – davlat siyosatinining muhim yo‘nalishi
O‘zbekistonda bola huquqlarini ta’minlash – davlat siyosatinining muhim yo‘nalishi

Bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. 

Bola huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiyada (1989 yil 20 noyabr) insoniyat bolaga o‘zida mavjud bo‘lgan eng yaxshi sharoitni berishga majburdir, deb mustahkamlangan. 

Zero davlat, jamiyat milliy va xalqaro darajada bolalarni himoya qilish va ularning farovonligini ta’minlash tamoyillariga qat’iy rioya qilishi lozim. Mazkur xalqaro xujjatga ko‘ra,  bolalar davlat va jamiyat tomonidan ko‘rsatiladigan alohida parvarish va ko‘makka haqli bo‘lib, uyg‘un kamol topishi va rivojlanishi uchun oilaviy muhitda, baxt, mehr-muhabbat sharoitida o‘sishi kerak.

Ota-onalar, fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bolalarning huquq va erkinliklarni e’tirof etishi va hurmat qilishi, shuningdek, bolalarni alohida himoya qilishi, ularning erkinliklari va qadr-qimmatini hurmat qilishi, sog‘lom va normal rivojlanishi uchun imkoniyat va shart-sharoitlarni ta’minlashi zarur.

Mahalliy va respublika darajadagi siyosatni olib borishda bolalar va yoshlarni o‘z manfaatlariga ta’sir qiladigan qarorlarni qabul qilishda ularning fikrini inobatga olgan holda jalb qilish amaliyoti va mexanizmlarini kuchaytirish zarur.

 Bu bolalar va yoshlarning jamiyatdagi ishtiroki uchun zamin yaratadi va o‘z navbatida, tinglanish va jamoatchilik fikrini shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatini beradi.

Bolalar hayotimiz davomchilari, ertangi kunimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol ravishda voyaga yetkazish har bir davlat va jamiyat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro standartlarga rioya qilish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining bola huquqlarini himoya qilish sohasidagi ustuvor vazifalardan biridir.

Jumladan, so‘nggi yillar davomida davlatimizda bola huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohada yangi yondashuv va uslublar joriy etildi. Muhimi, bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga oid maxsus qonunchilik bazasi yaratilib, uni ijro etish yuzasidan samarali huquqiy mexanizm yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda ham bola huquqlarining qonuniy kafolatlari mexanizmi bosqichma-bosqich takomillashib bormoqda. Davlatimiz rahbari siyosiy irodasi bilan bola qadr-qimmatini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish kabi bu boradagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, bolalar huquqlarining qo‘shimcha kafolatlarini belgilovchi qonunlar yanada takomillashmoqda.

Ma’lumki, siyosiy huquqlardan tashqari, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga daxldor barcha normativ-huquqiy hujjatlar bolalarga ham taalluqlidir. 

Yangilangan Konstitutsiyaning 56-moddasiga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldirishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashishi kafolati mustahkamlangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2023 yildagi PF-67-son “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 10-bandida:

- Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, bolaning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘liq rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qisqa muddatda qabul qilish tavsiya etildi.

Bugungi kunda ushbu Qonun loyihasi rasman Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi. Hozirda ikkinchi o‘qishga tayyorlanish jarayonida.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil (bolalar ombudsmani) – parlamentning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutidir. Xabaringiz bor, yaqinda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakil sifatida Oliy Majlis palatalaridan saylanib, rasman ish boshladik. Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Kotibiyati davlat muassasasi shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman institutining ta’sis etilgani - bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning muhim mexanizmi hisoblanadi. Zero bu institut bola manfaatlarini ilgari surish, ularni himoya qilish mandatiga ega bo‘lgan, ayni vaqtda o‘z faoliyatini faqat va faqat bolalar huquqlarini himoya qilishga yo‘naltiradigan mustaqil organdir.