Bolalar, ularning qadr-qimmati mavzusi har qanday inson uchun, u siyosatdan yiroq bo‘lgan taqdirda ham, hamma narsadan muhim va e’tiborli bo‘laveradi. Shu sababdan Bolalar ombudsmani vazifasiga kirishayotganimda bu o‘ziga xos, nozik sohada ishlashga tayyormanmi, bu ish qo‘limdan keladimi, deb o‘yga tolganman.
Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri bolalarni tarbiyalash uslublaridagi muammolardir. Ko‘p masalalar mamlakatda bolalar qanday tarbiya qilinayotganiga bog‘liq. Eng achinarlisi, tarbiya haqida gap ketarkan, kun tartibiga yana zo‘ravonlik mavzusi chiqadi.
Nega? Chunki jamiyatimiz zehniyatida bolani alohida shaxs deb hisoblamaslik chuqur ildiz otgan. Tarixan, bolaning shaxs sifatida, shaxsiy, ijtimoiy va boshqa huquqlarning egasi sifatidagi qiymati prinsipial jihatdan hisobga olinmagan. Bunday fikrlash natijasida bolaga bo‘lgan munosabatimiz, uni eshitishga harakat qilmasligimiz, unga eng asosiy ehtiyojlari bilan bog‘liq tanlovlardan tortib, uning taqdiri uchun muhim qarorlarni ham mustaqil qabul qilishiga yo‘l bermasligimizda namoyon bo‘ladigan fe’limiz shakllangan.
Afsuski, turli shakllardagi zo‘ravonlik hali ham tarbiyaning muhim elementi bo‘lib, jamiyatda hamon normal qabul qilinmoqda, faoliyatimiz davomida buni tasdiqlovchi dalillarga ko‘p duch kelyapmiz. Bolalar o‘z huquqlaridan o‘ziga eng tanish bo‘lgan ijtimoiy muhitda – uyda, maktabda, yaqinlari orasida mahrum bo‘lib kelmoqda. Albatta, bu global muammo. Shuni ta’kidlash kerakki, nafaqat Osiyoda, balki Yevropadagi ayrim mamlakatlarda ham zo‘ravonlik bolalarni tarbiyalashning samarali vositasi sifatida zarur deb qaraladi.
Biroq bugun O‘zbekistonda bu masala bo‘yicha jiddiy paradigma o‘zgarishlari kuzatilmoqda. Esingizda bo‘lsa, ta’lim va tarbiyada zo‘ravonlik mavzusi tabu bo‘lib, bu haqda gapirish odat bo‘lmagan, oiladagi zo‘ravonlik unsiz bo‘lgan, mentalitet va an’analar bilan yashirilgan. Ammo hozir biz nafaqat bu haqda gapiryapmiz, balki jamiyatga aniq signal beryapmiz: bola huquqlari qonun va davlat himoyasida.
Bizning voqelikdagi yana bir murakkab masala erta turmush qurishdir. Afsuski, mintaqamizning urf-odatlari, tarixiy mentaliteti tufayli jamiyatimizda bu hodisa kam uchrasada, lekin hamon saqlanib qolmoqda.
Bunga sabab nima? Sabablar 100 yil avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday. Bu, asosan, ota-onalarning qizini yaxshi joyga turmushga berib, uning farovon va barqaror hayotini ta’minlash instinktidir. Ha, 1 asr avval ijtimoiy va tarixiy jihatdan bunday holat o‘zini oqlagan edi. Qizlarda erta turmush qurishdan boshqa hayot yo‘li bo‘lmagan. Ammo endi zamon butunlay boshqacha: qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘zini o‘zi anglashi va ijodkorligi uchun juda keng imkoniyatlar bor. Turli an’ana va motivlar ta’sirida shakllangan qarashlarni o‘zgartirish zarur.
Qiz bola ham xuddi o‘g‘il boladek qadr-qimmatga ega! U o‘qib-o‘rganish va rivojlanishga haqlidir. Shubhasiz, turmush qurish ham uning hayotidagi muhim bosqichdir, lekin u bunga ongli ravishda borishi, bunda unga ota-onasi va jamiyat bosim o‘tkazmasligi lozim. Erta turmush qurish aslida yana zo‘ravonlikka yo‘l ochadi. Faqat va faqat turmushga chiqish va eriga xizmat qilishga tayyorlangan qiz na o‘zining ustida ishlaydi, na shaxs, na professional sifatida rivojlanishga imkon topadi. Natijada ayol bir vaqtning o‘zida zo‘ravonlikning barcha turlariga duchor bo‘ladi.
Lekin shuni aytish kerakki, hammasi iqtisodiy zo‘ravonlikdan, ya’ni tobelikning bu shaklidan boshlanadi. Mustaqil kasb-korini qila oladigan, o‘zini eplay oladigan qizning huquqlarini cheklash qiyin. Shuning uchun ham asosiy e’tibor qizlarning nafaqat an’anaviy kasblar, balki aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha ham ta’lim olishiga qaratilishi kerak. Ayni paytda mamlakatda bu borada jiddiy ishlar olib borilmoqda. Masalan, STEM (Science, Technology, Engineering, Mathematics) ta’limi tabiiy fanlar va muhandislik fanlarini birlashtirgan modeldir.
Zo‘ravonlik haqida gap ketganda, afsuski, voyaga yetmaganlarga nisbatan bo‘ladigan jinsiy ko‘rinishdagi zo‘ravonlikni ham aytish kerakki, ushbu masalada Bolalar ombudsmani qat’iy pozitsiyaga ega.
Bu borada biz huquq tizimining barcha organlari bilan yaqindan ishlaymiz. Bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatga oid har bir keys bo‘yicha bizga yozma ma’lumot beriladi, biz sudlarda ishtirok etamiz va bolalar manfaati uchun sud hukmiga nisbatan protest kiritilishi tashabbusini ilgari surishimiz mumkin.
Xabaringiz bor, O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan har qanday seksuallashgan jinoyat shakllariga qo‘llanadigan jazolar kuchaytirilgan. Shunday jinoyat sodir etgan shaxslarning reyestri 2023-yil oktabr oyidan boshlab yuritila boshladi va ular jazoni o‘taganidan keyin ham bolalar ta’lim-tarbiya muassasalariga ishga kirishi taqiqlanadi. Albatta, bu muammoga qarshi kurash keng ko‘lamli chora-tadbirlarni talab qiladi.
Bugun biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar fondi (UNICEF), O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan bolalar va ularning ota-onalarini tahdid va xatarlar, jumladan, jinsiy zo‘ravonlik haqida xabardor qilish maqsadida tizimli ravishda ishlamoqdamiz. Hozirgi kunda maktablarda jinsiy zo‘ravonlik bu nima ekanligini, bunday vaziyatga duch kelganda o‘zini qanday tutish, qayerga murojaat qilish kerakligini tushuntiruvchi ko‘rgazmali o‘quv materiallari tarqatilmoqda.
Jamiyatimizda jinsiy tarbiya borasida ziddiyatli munosabat hukmron. Negadir ko‘plar bu bolaning tarbiyasi buzilishiga olib keladi, deb o‘ylaydi. Fikrimcha, turli alohida jihatlarni e’tiborga olgan holda, bosqichma-bosqich bu darsni maktab dasturiga majburiy emas, fakultativ sifatida kiritish va uni tanlashni ota-onalarga havola qilish zarur.
Surayyo Raxmonova,
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)