Bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish barcha rivojlangan mamlakatlarda davlat siyosatining birlamchi vazifalaridan sanaladi. Yurtimizda ham ertamiz egalari — farzandlarimizning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun barcha imkoniyat va salohiyat ishga solinmoqda.
Binobarin, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga tayanib olib borilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi. Xususan, Asosiy qonunimizda bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaytirildi. Shuningdek, ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyati alohida ko‘rsatildi. Davlat va jamiyat ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarga g‘amxo‘rlikni o‘z zimmasiga olishi qayd etildi. Onalik va bolalik davlat muhofazasida ekani qat’iy mustahkamlandi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yurtimizda bola huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohada yangi yondashuv va uslublar joriy etildi. Bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga oid maxsus qonunchilik bazasi yaratilib, uni ijro etish yuzasidan samarali huquqiy mexanizm yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining bola manfaatlarini ta’minlash borasidagi qat’iy siyosiy irodasi tufayli amalga oshirilgan tizimli choralar natijasida bugun, jumladan, neonatal o‘lim ko‘rsatkichlarining sezilarli pasayib borayotgani, maktabgacha ta’lim qamrovining 76 foizgacha keskin oshgani va albatta, bolalar mehnatiga respublikamizda batamom barham berilgani e’tiborga molik. Bu natijalar nafaqat milliy darajada, balki jahon miqyosida ham e’tirof etilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish joiz, milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida, bola huquqlari sohasidagi qonunchilik bilan ixtisoslashgan holda ish olib borish hamda uning ijrosi bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda bola huquqlarini himoya qilishga oid davlat siyosati sohada yana ko‘plab muhim va dolzarb masalalarni hal etishni taqozo etmoqda. Jumladan, aynan ana shu vazifalarni samarali amalga oshirish yo‘lida yangi ixtisoslashtirilgan, inson huquqlarini himoya qilish milliy instituti — Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) ta’sis etildi. Bu institut Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan joriy etildi.
Bolalar ombudsmanining instutsional isloh etilishi, parlamentning mustaqil siyosiy instituti sifatida uning maqomi mustahkamlanishi prinsipial ahamiyatga ega. Qolaversa, uning parlament vakili sifatida birlamchi vazifasi bola manfaatlariga oid qonunchilik ijrosi ustidan samarali monitoring — parlament nazoratini olib borishdir. Bu jarayonda esa bir qator savollar yuzaga keladi.
Xo‘sh, bugungi kunda yangi tahrirdagi Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan bola huquqlari qay darajada ta’minlanmoqda? Qonun normalarini qo‘llashda va umuman olganda, turli ijtimoiy-huquqiy vaziyatlarda bolalarning eng ustun manfaatlariga rioya etish qay holatda?
Shak-shubhasiz, ana shu masalalar Bolalar ombudsmani faoliyatining asosiy funksional yo‘nalishini belgilaydi. Mazkur institut bola manfaatlarini ilgari surish, ularni himoya qilish mandatiga ega bo‘lgan, ayni vaqtda o‘z faoliyatini faqat va faqat bolalar huquqlarini himoya qilishga yo‘naltiradigan mustaqil organdir.
Shu nuqtai nazardan aytganda, Prezidentimiz tomonidan shu yil 29-fevralda imzolangan va kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi Qonun ushbu institutning samarali ishlashi, bolalar huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishi uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ldi, desak aslo yanglishmaymiz.
Qonunda Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari belgilandi. Bola huquqlariga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarishda ishtirok etish, bola huquqlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali bolaning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, bola huquqlariga oid qonunchilik talablarining ijrosini o‘rganish, bola huquqlari ta’minlashini monitoring qilish kabilar shular jumlasidandir. Shuningdek, Bolalar ombudsmani imkoniyati cheklangan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashadi, bolaning huquqlariga rioya qilish hamda ularni himoya qilish holatidan jamoatchilikni xabardor qiladi.
Qonun bilan Bolalar ombudsmani faoliyati doirasidagi asosiy vakolatlari ham o‘rnatildi. Xususan, mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish yuborish va taqdimnomalar kiritish, qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha takliflar kiritish, ekspertizadan o‘tkazish va palatalar majlislarida ishtirok etish, ma’rifiy va ta’lim dasturlarini, ilmiy-amaliy seminarlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar nazarda tutildi.
Shu o‘rinda Bolalar ombudsmani faoliyatini samarali va ta’sirchan tashkil etilishiga xizmat qiladigan ayrim muhim normalarga alohida to‘xtalish joiz. Jumladan, parlament majlislarida Bolalar ombudsmani ma’ruzasi har yili eshitilishi ko‘zda tutildi. Bu vakolat orqali Bolalar ombudsmani bola huquqlarini himoya qilish sohasida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan dolzarb muammolarni parlament maydoniga olib chiqadi va ularning yechimi bo‘yicha takliflar beradi.
Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berildi. Bunday huquq, shubhasiz, Bolalar ombudsmani faoliyati ta’sirchanligini oshiradi. Xususan, bola manfaatlarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan har qanday mansabdor shaxsga manzilli ravishda tegishli chora ko‘rilishini ta’minlash imkonini yaratadi.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud Plenumi majlislarida ishtirok etishi yoki takliflar kiritish huquqi mustahkamlandi. Mazkur huquq orqali Bolalar ombudsmani parlamentda, ijro organlarida va sudlarda bola huquqlarini maxsus himoya qiladi va mazkur organlar e’tiborini aynan bola manfaati ustunligiga qaratadi. Oddiy qilib aytganda, davlat siyosatining bola huquqlarini ta’minlash sohasida bevosita va faol ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Qonun bilan surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari to‘g‘risida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart, deb belgilandi. Bu ham nihoyatda muhim preventiv mexanizm bo‘lib, bunday xabardorlik natijasida bolalarga qarshi jinoyat faktlari yashirilishi, bunday ishlarning qonunga zid ravishda tugatilishi, tergov qilinmasligi yoki sudda ko‘rilmasligi oldi olinadi.
Qonun bilan Bolalar ombudsmaniga qator prosessual vakolatlar, jumladan, voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olish, bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etish, hukm bilan tanishib, bola manfaatidan kelib chiqib, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilish kabi huquqlar berilmoqda. Bolaning manfaatlari buzilayotgan holatlarda Bolalar ombudsmani mazkur yangi vakolatlarini ishni qonuniy hal etilishi va aybdorlarga adolatli jazo belgilanishiga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Umuman aytganda, Bolalar ombudsmani faoliyatini qonuniy tartibga solish, uning siyosiy maqomini kuchaytirish va vakolatlari ta’sirchanligini oshirishdan maqsad — yurtimizning har bir kichik fuqarosi, har bir bolaning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan barcha huquq-imkoniyatlarini ta’minlashdir. Bu esa Bolalar ombudsmani zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Surayyo RAXMONOVA,
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili
(Bolalar ombudsmani).