
Yangiliklar

Uchrashuv kun tartibi markazida 14-oktyabr kuni Davlat rahbari tomonidan imzolangan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bo‘ldi.
Muloqot davomida bolalarga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga tayangan yagona yondashuvni joriy etish, idoralararo axborot almashinuvini faollashtirish zaruratiga alohida e’tibor qaratildi.
Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi 33-son Farmonida 2026 yil 1-noyabrdan boshlab Jinoyat kodeksining jinsiy erkinlikka va oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish tartibini belgilash nazarda tutilgan.
Shu nuqtai nazardan, Bosh prokuratura tomonidan Bolalar ombudsmani ishtirokida bolalarga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishda yagona yondashuvni ta’minlash - idoralararo hamkorlikni, tergov harakatlarini sifatli o‘tkazish, mutaxassislarni oqilona jalb etish, bolani so‘roq qilish taktikasi, ekspertizalar tayinlashning o‘ziga xos jihatlari va boshqa muhim masalalarni qamrab olgan maxsus uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilishiga kelishildi.
Jumladan,
➡️_bolaga qarshi jinoyat qayd qilinishi bilan darhol vasiylik organiga xabar berish va uni jalb etish;_
➡️_bolaga tezkor tartibda advokat jalb qilish;_
➡️_bola bilan o‘tkaziladigan tergov harakatlarini psixolog va pedagog ishtirokida, maxsus jihozlangan xonada o‘tkazish;_
➡️_jabrlanuvchi-bolani_
o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishga undash,
ruhiy bosim o‘tkazish kuzatilganda, darhol qonuniy vakilni almashtirish kabi protsessual jihatlarga alohida e’tibor beriladi.
Bunday samarali yondashuv jinoyat haqidagi ariza va xabarni qabul qilishdan boshlab, to jinoyat ishi hujjatlarini sudga yuborishga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarda bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda tergov harakatlari sifatli va to‘liq o‘tkazilishini ta’minlashga xizmat qiladi.



