
Yangiliklar

Bolalar ombudsmani kotibiyati xodimlari tomonidan Zangiota tumanida joylashgan jazoni ijro etish ayollar koloniyasida navbatdagi monitoring o‘rganishi o‘tkazildi.
Aytish joizki, ayni paytda muassasada 14 nafar voyaga yetmagan qizlar saqlanayotgan bo‘lib, monitoring doirasida ularning ta’lim olishi, kasb-hunarga o‘rgatilishi hamda tarbiyaviy jarayonlar, shuningdek yotoq, ovqatlanish va sanitariya-gigiyena sharoitlari qonunchilik talablariga mosligi holati atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish mobaynida voyaga yetmagan qizlar bilan umumiy suhbat o‘tkazilib, alohida muloqot qilish istagini bildirganlar bilan individual tarzda suhbat tashkil etildi.
Shuningdek, qizlarning muassasada jazo o‘tash sharoitlari, huquq va qonuniy manfaatlari, kundalik hayoti, xodimlarning ularga bo‘lgan munosabati hamda mavjud muammolar yuzasidan anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.
Hozirda muassasada qisman ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lib,
joriy yil yakuniga qadar voyaga yetmagan qizlar uchun mo‘ljallangan alohida korpus binosini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Bolalar ombudsmani jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratilishi hamda xavfsizligini kafolatlash masalalarida o‘z monitoring faoliyatini davom ettiradi.








