
Yangiliklar

7-avgust kuni Bolalar ombudsmani, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda (AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida) International centre for Missing & Exploited Children (ICMEC) bilan hamkorlikda bolalarga qarshi jinoyatlarni tergov qilish va bola bilan ishlashga mas’ul mutaxassislar uchun "Jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar bilan jabrlanuvchiga yo‘naltirilgan yondashuv” mavzusida onlayn-trening o‘tkazildi.
Treningda IIV va prokuratura tizimidan 60 nafar tergovchi va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga mas’ul 168 nafar ijtimoiy xodimlar ishtirok etdi.
Aytish joizki, jinsiy ekspluatatsiya yoki zo‘ravonlikdan jabrlangan bola bilan ishlashda mutaxassisning har bir savoli, ovoz ohangi, tanaffusi va munosabati muhim ahamiyatga egadir.
Shu sababli bola bilan ishlayotgan tergovchi bolani faqat jinoyat ishi uchun ma’lumot yoki dalil manbai sifatida emas, balki alohida himoya, ehtiyotkor munosabat va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan huquq egasi sifatida qabul qilishi zarur.
Trening davomida malakali xalqaro ekpertlar tomonidan jabrlanuvchi-bola bilan maxsus ishlashga oid umume’tirof etilgan standartlar barobarida tergovchilar va ijtimoiy xodimlarga kundalik amaliy faoliyatida qo‘llash uchun aniq keyslar asosida samarali taktik uslublar taqdim etildi.
Bu kabi treninglar mutaxassislarda jinoyatdan jabrlangan bolalar bilan maxsus muloqot qilish kasbiy salohiyatini shakllantirishga, muhimi esa, bolaning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish orqali bu toifadagi murakkab jinoyatlarni sifatli tergov qilinishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, bunday amaliy muloqotlar ijtimoiy xodimlarni ixtisoslashtirish orqali jinoyat ishi yurituvi davomida vasiylik organi tomonidan jabrlanuvchi-bolaning qonuniy manfaatlarini ishonchli ta’minlashga muhim hissa qo‘shadi.
Zero, haqiqiy adolat faqat jinoyat sodir etgan shaxsning javobgarligi ta’minlanganida emas, balki jabrlangan bola tergov va ijtimoiy himoya jarayonlarida o‘zini xavfsiz, tinglangan va himoyalangan deb his qilgandagina qaror topadi.



