
Yangiliklar

Har bir bola ta’lim olish, sog‘lom va xavfsiz muhitda voyaga yetish, o‘z fikrini erkin ifoda etish hamda zo‘ravonlik va majburlashning barcha shakllaridan himoyalanish huquqiga ega. Erta nikoh esa bolaning ushbu huquqlaridan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qilishi, uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan voqealik.
BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq, bolaga taalluqli barcha harakat va qarorlarda uning eng ustun manfaatlari birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lishi lozim. Konvensiyada bolaning zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalanishi, sog‘liqni saqlash va ta’lim olish huquqlari kafolatlangan. Shu nuqtayi nazardan, bolani uning yoshi va rivojlanish darajasiga mos bo‘lmagan oilaviy majburiyatlarga jalb qilish uning qonuniy manfaatlariga zid bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga ko‘ra, jismoniy yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatish orqali bolani nikohga kirishga yoxud er-xotin bo‘lib yashashga majburlash, agar bu uning sog‘lig‘i, xavfsizligi, axloqi, aqliy va jismoniy rivojlanishiga, shu jumladan ta’lim olishiga tahdid tug‘dirsa, bolani ekspluatatsiya qilish deb e’tirof etiladi. Ekspluatatsiya esa bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllaridan biridir. Erta nikoh bolaning ta’limni davom ettirish imkoniyatini cheklashi, iqtisodiy va ijtimoiy qaramlikni kuchaytirishi, sog‘lig‘i bilan bog‘liq xavflarni yuzaga keltirib, tazyiq va oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lish ehtimolini oshiradi. Ayniqsa, bolaning erkin va ongli roziligisiz, bosim, qo‘rqitish yoki majburlash orqali tuzilgan nikoh uning sha’ni, qadr-qimmati va asosiy huquqlarining jiddiy buzilishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq, nikoh tuzish ixtiyoriy bo‘lib, shaxsni nikohga majburlash taqiqlanadi. Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Qonunchilikda nazarda tutilgan alohida holatlar bundan mustasno bo‘lib, nikoh yoshini kamaytirish faqat vakolatli davlat organining qarori asosida va belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Voyaga etmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish qonunan taqiqlanadi.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan amalda nikoh munosabatlariga kirishish, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani erga berish yoxud uylantirish, shuningdek, nikohi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan shaxslar o‘rtasida diniy nikoh marosimini amalga oshirish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Mazkur talablar bolaning huquqlari, xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Ota-onalar va boshqa mas’ul shaxslar bolaga taalluqli qarorlarni qabul qilishda uning fikrini tinglashi, yoshi va rivojlanish darajasini hisobga olishi, ta’lim olishi va sog‘lom voyaga yetishi uchun zarur sharoit yaratishi lozim. Hech qanday urf-odat, oilaviy qarash yoki ijtimoiy normalar bolaning qonun bilan kafolatlangan huquq va manfaatlaridan ustun qo‘yilishi mumkin emas.
Bolalar ombudsmani nikoh yoshiga oid qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, bolani nikohga majburlashning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish hamda har bir qarorda bolaning eng ustun manfaatlarini ustuvor ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratadi.
Erta nikohning oldini olish — bolaning bugungi huquqlari, xavfsizligi va kelajakdagi imkoniyatlarini himoya qilishdir.