
Yangiliklar

Bolalar ombudsmani ushbu amaliy seminarda "Bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga oid ishlarning tergov qilinishida va sudda ko‘rilishida bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash masalalari”da respublika jinoyat ishlari bo‘yicha 50 dan ortiq sudyalar va tergov sudyalari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Seminar davomida bolalarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ish yurituvida bolaning manfaatini ta’minlash, tergov va
sud jarayonida bolaning xavfsizligi va ruhiy salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yish muhimligiga urg‘u berildi.
Shuningdek, sud-tergov jarayonlarida guvoh va jabrlanuvchi-bolalarga ixtisoslashgan tarzda tezkor psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutuvchi yagona mexanizm yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Suhbat davomida Bolalar ombudsmani tomonidan jinoyat ishi yurituvida voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchi bilan ishlashga oid xorijiy tajribani ham alohida bayon etilib, amaliyotdan real keyslar va statistik ma’lumotlar sudyalar bilan birga muhokama qilindi.
Shubhasiz, bunday maxsus muloqotlar sudyalarning har bir vaziyatda bolaning eng ustun manfaatiga tayanish yondashuvini shakllanishiga xizmat qiladi.
Zero odil sudlovga duch kelgan bola tergov va sud jarayonlarida o‘zini himoyalangan va e’tiborga olinganligini his qilsagina, haqiqiy adolat qaror topdi, deb aytish mumkin.




