
Yangiliklar

Dastavval seminarda talabalarga Bolalar ombudsmani instituti faoliyati, funksiyasi hamda O‘zbekistonda bola huquqlarini himoyalash sohasi borasida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda bola huquqlarini himoyalashda qanday muammolar va bo‘shliqlar mavjudligi, ularni bartaraf etish yuzasidan qanday choralar ko‘rilayotganligi muhokama qilindi.
Xususan, dolzarb muammo - bu uzoq yillardan beri shakllangan, odamlar tafakkuriga chuqur singigan yanglish ijtimoiy normalar, qoliplar ta’sirida bolani shaxs sifatida e’tirof etmaslik, uning huquq va erkinliklarini hurmat qilmaslik, ovozini eshitmaslik kuzatilishi alohida ta’kidlandi.
Jamiyatda va oilada bola uchun zo‘ravonlikdan xoli, xavfsiz, jismonan va ruhan sog‘lom muhit yaratish - bolaning eng ustun manfaatini ta’minlashning asosiy sharti ekanligiga, muhimi esa, jamiyatimizda bolani zo‘ravonlikdan xoli usullarda tarbiyalash tafakkurini shakllantirish birlamchi ekanligiga urg‘u berildi.
Muloqot mobaynida talabalar Bolalar ombudsmaniga ularni qiziqtirgan savollar berib, munozarali masalalarda optimal takliflar bildirdilar.
Jumladan:
➡️bola huquqlari va ota-ona nazorati o‘rtasidagi muvozanat;
➡️yuvenal odil sudlov tatbiq etilishida mavjud xavflar;
➡️qonun bilan ziddiyatdagi bolalarning jamiyatga reintegratsiyasi;
➡️bolalarning raqamli xavfsizligi;
➡️yoshlarda huquqiy nigilizm sabablari va boshqa dolzarb masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot doirasida Bolalar ombudsmani universitetda faoliyat yuritayotgan yuridik klinika ishi bilan yaqindan tanishdi.






