
Yangiliklar

Seminar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz hamda YUNICEF ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur seminarning asosiy maqsadi - bola huquqlarini himoya qilishning xalqaro-huquqiy mexanizmlari hamda bugungi kunda O‘zbekistonda bola huquqlari sohasida Bolalar ombudsmanining muhim roli yuzasidan deputat va senatorlar bilan amaliy muloqot o‘tkazishdir.
Aytish joizki, mamlakatda so‘nggi yillarda bola huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, ular asosida bolalarning ma’naviy, intelektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi.
Bola manfaatlarini ishonchli himoya qilish – davlat siyosati kun tartibidagi tayanch vazifalardan biri deb e’tirof etilishi nuqtai nazaridan, Bolalar ombudsmani instituti bola manfaatlarini ilgari surish, ularni himoya qilish mandatiga ega bo‘lgan, ayni vaqtda o‘z faoliyatini faqat va faqat bola huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirgan mustaqil organ sifatida joriy etildi.
Muloqot davomida BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali amalga oshirish yo‘llari hamda Bolalar ombudsmanining bugungi kunda faoliyati yo‘nalishlari, bola huquqlari ta’minlanishi vaziyati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xalq vakillari bilan muloqot davomida bolalarga nisbatan kuzatilayotgan zo‘ravonlik holatlari, ota-onalarning bola tarbiyasidagi mas’uliyati, Bolalar ombudsmanining yopiq muassasalarda monitoringi natijalari va bolaning eng ustun manfaatini ta’minlash zarurati yuzasidan fikr almashildi.



