Xalqaro koferensiyada Bosh prokuratura, Inson huquqlari boʻyicha Milliy Markaz, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, BMT ning Giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston boʻyicha mintaqaviy vakili, Konstitutsiyaviy sud, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va qator boshqa mutasaddi idoralar hamda xorijiy turdosh akademiyalar vakillari qatnashdilar.
Aytish kerakki, qiynoqqa solish faktlari asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida kuzatiladi va shubhasiz, bu holatlarga yoʻl qoʻyishni mazkur organlar xodimlarining oʻz vazifasiga, burchiga xiyonati deb baholash mumkin.
Zero ularning asosiy funksiyasi - fuqarolarni himoya qilish boʻla turib, ular qiynoqqa solish kabi taqiqlangan usullardan foydalanib, nafaqat davlat organlari obrusiga putur yetkazadilar, balki fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini yoʻqolishiga sabab boʻladilar.
Aynan shuning uchun ham bu illatning aynan huquqni muhofaza qilish tizimida batamom barham berilishiga oid jarayon uzluksiz davom etishi shart.
Jumladan, anjuman doirasida koʻrib chiqilgan muhim masalalar qatorida Bolalar ombudsmani bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha yopiq muassasalarda monitoring oʻtkazishi va u yerda saqlanayotgan voyaga yetmaganlarning murojaatlarini koʻrib chiqishi kabi vazifalarga ham yigʻilganlar eʼtibori qaratildi.