
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda UNICEF bilan hamkorlikda bola huquqlarini ta’minlash, mutaxassislar bilim va ko‘nikmalarini xalqaro va milliy standartlar asosida mustahkamlash uchun ishlab chiqilgan "Bola huquqlari" masofaviy o‘quv kursi yo‘lga qo‘yilishi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘quv kursi bolaning asosiy huquqlari xususan, ta’lim, sog‘liq, ijtimoiy himoya, xavfsiz va oilaviy muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash mexanizmi, bolaga do‘stona munosabatda bo‘lish prinsiplari, qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalar bilan ishlash va ularga huquqiy baho berish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.
Mazkur onlayn-kursi Akademiya negizida malaka oshirish dasturining tarkibiy qismi sifatida joriy etilishi nafaqat huquq-tartibot tizimi organlari, balki bola masalalari uchun mas’ul bo‘lgan turli idoralar mutaxassislarni ham qamrab olish imkonini beradi.
Alohida ta’kidlash joizki, sohadagi davlat organlarining har bir xodimi o‘z faoliyatida bola huquqlari, ularni oqilona va so‘zsiz ta’minlash borasida zaruriy kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart.
Zero yagona maqsad –bolalar bilan ishlashda vaziyatga tezkor va oqilona baho berish hamda bolaga do‘stona munosabat va maxsus malakaga tayanishni – ya’ni, bolaning eng ustun manfaatini ta’minlashdir.
