header image

Новости

Главное / Новости /
Единые новости
Rasmiy munosabat
Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda (https://kun.uz/86001758) “Magic City” bog‘ida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomosha videolavhasi tarqalgan bo‘lib, tomoshada o‘z joniga qasd qilish sahnasi ko‘rsatilganligi aniqlangan. Ushbu tomoshada ko‘plab odamlar, xususan, yosh bolalar ham bo‘lgan. 
Mazkur holat bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 31-moddasiga ko‘ra “teatrlar badiiy yo‘nalishlarni, repertuarni tanlashda, sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda erkindir”.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 
16-moddasida “bolalarni ularning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazishga, o‘z joniga qasd qilishga va shunday harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan” axborot mahsuloti bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot hisoblanishi belgilangan.

Ushbu Qonunning 19-moddasiga ko‘ra, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan bolalarni himoya qilishni ta’minlashning ma’muriy va tashkiliy chora-tadbirlarini, dasturiy-apparat va texnika vositalarini qo‘llamay turib, ushbu axborotning jamoat joylarida aylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotini tomoshabop tadbir orqali namoyish etishda bevosita tomoshabop tadbir boshlanishidan oldin ushbu tadbirda tegishli yosh toifalaridagi bolalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida yoki ishtirok etishi cheklanishi to‘g‘risida ovozli xabar e’lon qilinadi.
Bolalarning o‘z yosh toifasiga mos kelmaydigan axborot mahsuloti namoyish etiladigan tomoshabop tadbirlarni tashkil etishda va o‘tkazishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarining 59-bandiga muvofiq ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida tadbir ishtirokchilariga jamoat xavfsizligi, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, ommaviy tadbirni tashkil qilish va o‘tkazishning belgilangan tartibini buzuvchi yoki bunday xatti¬ harakatlarni sodir qilishga undovchi harakatlarni bajarish taqiqlanadi.

“Magic City”da namoyish qilingan tomoshada ham tashkilotchilar aynan shu normani chetlab o‘tgan bo‘lishi mumkin.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan yuqorida qayd etilgan qonunchilik normalari buzilgan bo‘lsa, mazkur harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2001-moddasiga muvofiq ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish sifatida ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuning 4-moddasiga binoan, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri deb belgilangan.

Shunga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Bolalar Ombudsmani:

  1. O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 
    16 va 19-moddalariga hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari”ning 59-bandiga muvofiq holatga “Magic city” direksiyasi tomonidan rasmiy munosabat yoki tushuntirish berilishini;

  2. Mazkur holatda qonunbuzilish yoki huquqbuzarlik mavjud yoki mavjud emasligini o‘rganish, aniqlangan vaziyatga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab prokuratura organlariga murojaat qildi.

Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi, bu borada qo‘shimcha axborot beriladi. 

Bola davlat va qonun himoyasida!