
Kuni kecha Adliya vazirligi va UNICEF bilan hamkorlikda bolalar uchun ixtisoslashtirilgan odil sudlov tizimini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdik.
Muloqot davomida Oliy Majlis Senati a’zolari, mutasaddi davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan O‘zbekistonda odil sudlovda bolalar imkoniyatlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildik.
Uchrashuvda xorijiy ekspertlar, xususan UNICEFning Albaniya va Gruziyadagi vakolatxonalari mutaxassislari, Qozog‘istondagi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha maxsus sudi raisi, Serbiya Oliy sudi sudyasi ham onlayn ishtirok etib, odil sudlovda bolalar uchun do‘stona va muqobil muhit tashkil etishga oid o‘z davlatlari tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.
Aytish kerakki, har qanday sud jarayoniga kirishayotgan bolalarga o‘z huquqlarini himoyalash instrumentlari ishonchli ta’minlanmas ekan, chinakam odil sudlovga erishish haqida gapirish qiyin.
Buning uchun esa odil sudlov jarayonlarida bolalarga samarali yuridik yordam, vakillik va qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati to‘liq ta’minlanishi zarur.
Davra suhbati yakunida jinoyat va fuqarolik sudlov tizimlarini maxsus ixtisoslashtirish, odil sudlovga jalb qilingan barcha toifadagi bolalarga davlat tomonidan kafolatlangan bepul yuridik yordam ko‘rsatish va bu yo‘nalishdagi boshqa manzilli harakatlar borasida kelishdik.



